Umumiy ma'lumot
O’zbekiston Respublikasining ta`lim tizimi quyidagilardan iborat:
- davlat ta`lim standartlariga muvofiq ta`lim dasturlarini amalga oshiruvchi davlat va nodavlat ta`lim muassasalari;
- ta`lim tizimi ishlashi va rivojlanishi uchun kerakli tadqiqot ishlarini olib boruvchi ilmiy-pedagogik tashkilotlar;
- ta`lim sohasidagi davlat boshqaruv organlari shuningdek ular boshqaruvi ostidagi korxona, muassasa va tashkilotlar.
O’zbekiston Respublikasi ta`lim tizimi yagona va yaxlitdir.
O’zbekiston Respublikasida ta`lim quyidagi ko’rinishlarda amalga oshiriladi:
- maktabgacha ta`lim;
- umumiy o’rta ta`lim;
- maktabdan tashqari ta`lim;
- o’rta maxsus kasb-hunar ta`limi;
- oliy ta`lim;
- oliy ta`limdan keyingi ta`lim;
- malaka oshirish va kadrlarni qayta tayorlash.
Ta`limni boshqarish organlari
Ta`lim tizimining umumiy boshqaruvini Vazirlar Mahkamasi amalga oshiradi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi alohida oliy ta`lim muassasasi, Toshkent Islom Universiteti va xalqaro mashhur xorijiy OTMlari (MDU, Westminster Universiteti va hokazo) filiallarini bevosita boshqaradi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolatlariga quyidagilar kiradi:
- ta`lim sohasida yagona davlat siyosatini olib borish;
- davlat ta`lim boshqaruv organlariga rahbarlik qilish;
- ta`limni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- ta`lim muassasalarini yaratish, qayta tashkil etish va bekor qilish tartiblarini belgilash;
- ta`lim muassasalari akkreditatsiyasi, pedagogik va ilmiy kadrlar attestatsiyasi tartiblarini belgilash;
- boshqa davlatlar ta`lim muassasalariga O’zbekiston Respublikasi hududida ta`lim ko’rsatish huquqini beruvchi ruxsatnomalar berish;
- qonunchilikka mos ravishda xorijiy davlatlarning ta`lim haqidagi hujjatlarini tan olish tartibini belgilash va teng-kuchli ekanligini o‘rnatish;
- davlat ta`lim standartlarini belgilash;
- davlat namunasidagi ta`lim hujjatlarini va ularning berilish tartibini belgilash;
- ta`lim muassasalariga qabul tartibi va davlat grantlari miqdorini belgilash;
- davlat oliy ta`lim muassasalari rektorlarini tayinlash;
- ta`lim olayotganlarni bir akkreditatsiyalangan ta`lim muassasasidan boshqasiga o’tkazish tartibini belgilash;
- qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa vakolatlar.
O’zbekistonda ta`lim tizimlari faoliyatini bevosita boshqarishni ikki vazirlik - Xalq Ta`limi Vazirligi (XTV) va Oliy va O’rta Maxsus Ta`lim Vazirligi (OO’MTV) - amalga oshiradi.
XTV - maktabgacha, maktabdan tashqari muassasalar va umumiy ta`lim maktablari faoliyati uchun mas`uldir. XTV boshqaruvida 5 ta oliy ta'lim muassasasi va 16 ta o’qituvchilar malakasini oshirish institutlari mavjud. Vazirlik joylardagi tegishli ta`lim muassasalari faoliyatini metodologik boshqaruvchi viloyat, tuman va shahar xalq ta`limi bo’limlariga ega.
ƠzR XTV tizimi tashkiliy tuzilmasi
OO’MTV - respublikada oliy va o’rta maxsus, kasb-hunar ta`limiga rahbarlik qiluvchi davlat boshqaruv organi hisoblanadi.
Vazirlik o’z faoliyati bo'yicha O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
Vazirlik tizimiga O’rta maxsus, kasb-hunar ta`limi markazi, Oliy va o’rta maxsus ta`lim, kasb-hunar ta`limini rivojlantirish markazi va idoraviy mansub oliy o’quv yurtlari kiradi.
ƠzR OƠMTV tizimi tashkiliy tuzilmasi
Davlatimiz fuqarolarining bilim olishlari O’zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi bilan kafolatlangan. O’zbekiston Respublikasi yoshlar tarbiyasida ta`lim muxim ahamiyat kasb etadi. Vatan ostonadan boshlanganidek, bolalarimiz ta`lim-tarbiyasi oiladan boshlanadi. Demak, kelajak avlodimiz har taraflama yetuk, sog’lom, bilimli, o’z vataniga sadoqatli bo’lib yetishishi uchun har birimiz mas`ulmiz. E`tiboringizga ta`lim tizimining asosiy boshqaruv organlari, XTV va OO’MTV to’g’risidagi Nizomlarni havola qilamiz. Ta`lim va tarbiya to’g’risidagi fikr-mulohazalaringizni forumning "Ta`lim" bo’limida bildirishingiz mumkin. Buning uchun albatta forum ro’yxatidan o’tishingiz shart.